Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Umid nihollari tarixi

2015.05.01 | Bosh sahifa

BIRINCHI MEZBON — “ALPOMISH”

Guliston shahriga kirib borishimiz bilan bu yerdagi obodonchilikdan katta shodiyonaga tayyorgarlik ketayotgani sezildi. Bilim dargohlari, sport majmualari, ko‘chalar, xonadonlarda kezib yurgan qizg‘in tadorik ufuri tezda bizni ham o‘ziga jalb qildi.

Mezbon mutasaddilar hamrohligida yaqin kelajakda katta bayram maskaniga aylanajak manzillar bilan tanishib chiqish asnosida uch bo‘g‘inli sport o‘yinlarining “kenjasi” — maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi “Umid nihollari” musobaqasining bu yilgisi munosib tarzda tashkil etilishiga amin bo‘ldik. Ulkan bunyodkorlik ishlari, ozodalik va orastalikdan darak berayotgan jarayonlar nafaqat hajm, balki sifat, mazmun jihatdan ham alohida ta’kidga loyiq deyish mumkin. Qolaversa, qurish, ta’mirlash, rekonstruktsiya qilish ishlari yakuniga yetay deb qolgandi.

“O‘zbekneftgaztrans” tashkilotining sa’y-harakati tufayli qayta chiroy ochib borayotgan “Alpomish” sport majmuasi, u yerdagi tennis maneji, badiiy gimnastika bahslari o‘tkaziladigan yopiq arena yaqin kunlar ichida to‘liq shay holatga keltiriladi. Arabboy Toshpo‘latov, Abduqodir Dodaev, Zayniddin Bozorov kabi mohir ustalar bilan gaplashganimizda, ular bundan oldin Qarshi shahrida bo‘lib o‘tgan “Umid nihollari” bahslarining qurilish ishlarida ham qatnashishganini bilib oldik.

“Nasib qilsa, o‘g‘lim ham kasbdoshlarimning mehnati singgan zamonaviy ko‘rinishdagi sport majmualarida o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazadi. Faqat ustachilikdan emas, sport bo‘yicha. U futbolga juda qiziqadi, shuning uchun respublika miqyosidagi musobaqalarda qatnashib, muvaffaqiyat qozonishi uchun men ham qo‘limdan kelgancha yordam berib kelaman”, — deydi Arabboy aka o‘g‘li Shahob O‘sarov haqida.

Ayni paytda Shahrixon tumanidagi Oqto‘nlik qishlog‘idagi 20-maktabning 4-sinfida tahsil olayotgan, kelajakda karate bo‘yicha yurtimiz dovrug‘ini keng yoyishni ko‘ngliga tukkan Islombek Yo‘ldoshevning otasi Kamoliddin Eshonov shirindan-shirin taomlar tayyorlab, mehnatkashlarning beliga quvvat berib, ishlarning yanada jadallashishiga o‘z hissasini qo‘shayotgan ekan. “Bu yerda ko‘pchilik meni oshpaz aka yoki uka deb chaqiradi. O‘zim ham shu hurmat-izzatga munosib bo‘lishga intilayapman”, — deydi u.


O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.