Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


G‘oliblar Xorazmga boradi

2015.04.20 | Voleybol

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Samarqandda umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining voleybol bo‘yicha saralash musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz o‘quvchi va talabalari o‘rtasida tashkil etilgan uch bosqichli – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari yoshlarni sportga keng jalb etish, ular orasidan mahoratli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Joriy yilda Xorazm viloyatida umumta’lim maktablari o‘quvchilarining “Umid nihollari” sport o‘yinlari respublika final bosqichi o‘tkaziladi. Ayni paytda mazkur tadbirda ishtirok etadigan o‘quvchilar musobaqalarga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Jamoaviy bahslar qatnashchilari shu kunlarda hududlarda tashkil etilayotgan saralash bosqichida o‘z mahoratini ko‘rsatib, eng kuchli jamoalar final bosqichi yo‘llanmasiga ega bo‘lmoqda.

Qariyb bir hafta davomida Samarqand shahridagi sport maydonlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan kelgan voleybolchi o‘g‘il-qizlar guruhlarga bo‘lingan holda o‘zaro kuch sinashdi.

Keskin va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, o‘g‘il bolalar jamoalari o‘rtasida Xorazm, Farg‘ona, Samarqand va Andijon viloyatlari o‘quvchilari eng ko‘p ochko jamg‘arib, final o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Qizlar jamoalari orasida esa mezbonlar bilan birga Toshkent shahri, Xorazm va Jizzax viloyatlari vakillari Urganchda bosh sovrin uchun kurashni davom ettirish huquqiga ega bo‘ldi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),O‘zA

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.