Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Sportga oshno yoshlar

2015.03.16 | Voleybol

Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida o‘g‘il-qizlar zamonaviy sharoitlarda ta’lim olish bilan birga, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 298-umumta’lim maktabida ham o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Ikki mingga yaqin o‘quvchi tahsil olayotgan ta’lim dargohida 500 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz darsdan bo‘sh vaqtlarida maktabda tashkil etilgan futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat-shashka, badiiy gimnastika to‘garaklariga qatnashadi. 

– Jismonan sog‘lom, ruhan tetik o‘quvchilarimiz darslarni o‘zlashtirishda ham faol, – deydi maktab direktori Dilbar Mavlonova. – Tengdoshlaridan o‘zishga harakat qilgan o‘g‘il-qizlar safi kengayayotgani bois maktabimizda sport tobora ommalashib, to‘garaklarga qatnovchilar safi kengaymoqda. 

Maktab o‘quvchilari o‘rtasida boshqa sport turlari qatori jamoaviy sport – voleybolga qiziqish katta. Ushbu to‘garakka o‘ttizdan ortiq o‘quvchi jalb etilgan.

– Qobiljon Adhamjonov, Sardor Abdurahmonov, Jahongir Hakimov, Nodir Xudoyberdiyev singari iste’dodli o‘quvchilarimizdan umidimiz katta, – deydi murabbiya Iroda Nazarova. – Bu o‘quvchilar a’lo o‘qishi va namunali xulqidan tashqari turli musobaqalarda qatnashib, tengqurlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lmoqda.

To‘garak tarbiyalanuvchilari joriy yilning yanvar oyida “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining Olmazor tumani bosqichida qatnashib, birinchi o‘rinni egalladi va musobaqaning shahar bosqichiga yo‘llanma oldi.

– O‘g‘lim Jahongir voleybol bilan uch yildan buyon shug‘ullanadi, – deydi Kamola Hakimova. – U sport orqali jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetmoqda. Salomatligi mustahkamligi uchun darslarni ham yaxshi o‘zlashtirayotir. Uning har jihatdan barkamol voyaga yetayotganidan xursandman.

Ha, bugun mamlakatimizning barcha hududidagi umumta’lim maktablarida sportga oshno tutingan o‘quvchilar ko‘payib borayotgani jismoniy tarbiya va sport navqiron avlodning kundalik ehtiyojiga aylanayotganidan dalolatdir. Zero, jismonan sog‘lom o‘quvchi nafaqat sportda, balki bilim olish jarayonida ham faol bo‘ladi.


Davron Sunnatov, O‘zA

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.