Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Tajriba va mahorat ko‘rigi

2014.12.10 | Voleybol

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida voleybol bo‘yicha qizlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatining birinchi tur bahslari bo‘lib o‘tmoqda.
Chempionatda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Andijon, Namangan, Samarqand, Jizzax va Xorazm viloyatlari terma jamoalari g‘oliblik uchun kuch sinashmoqda. Terma jamoalar safida kasb-hunar kollejlari tarbiyalanuvchilari bilan birga umumta’lim maktablari o‘quvchilari ham ishtirok etib, tajriba va mahoratini oshirmoqda. Zero, mazkur musobaqa ular uchun 2015-yili Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tadigan “Umid nihollari” sport o‘yinlariga muhim tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ta’lim tizimida joriy etilgan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari o‘g‘il-qizlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning jismonan va ma’nan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi, Vatanimiz sharafini xalqaro turnirlarda munosib himoya qilishga qodir yosh sportchilarni tarbiyalashdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
– Terma jamoamiz g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan, – deydi Andijon viloyati terma jamoasi murabbiyi Tavakkaljon O‘tanov. – Jamoamiz bilan Xorazmda o‘tadigan “Umid nihollari – 2015” musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etish niyatidamiz. Voleybol bo‘yicha qizlar terma jamoamiz viloyatimizning turli hududlaridan saralangan eng iqtidorli sportchilardan tarkib topgan.
Chempionatning birinchi tur doirasida Andijon jamoasi toshkentlik raqiblarini 3:0, Xorazm jamoasini 3:2 hisobida yengib, namanganlik qizlarga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Musobaqada Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Xorazm jamoalari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.


J.Toshxo‘jayev, O‘zA

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.