Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Puxta tayyorgarlik bilan

2015.04.20 | Yangiliklar

Umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida har uch yilda bir marta o‘tkaziladigan “Umid nihollari” sport o‘yinlarining bu yilgi final bosqichi Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ushbu “kichik olimpiada”ga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Xususan, dzyudo bo‘yicha terma jamoa tarkibida 9 nafar kuchli sportchi mashg‘ulot o‘tkazayotir. Tajribali murabbiylardan Kanalboy Artiqboyev, Nizomaddin Xo‘jaboyev va Alisher Mamutov polvonlarga dzyudo sirlarini o‘rgatishda jonbozlik ko‘rsatmoqda.

Nukus shahridagi 8-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Shahzod Boyimbetov bu sport turi bilan yetti yildan buyon muntazam shug‘ullanadi. U dzyudo bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi birinchiligining bir necha bor g‘olibi, O‘zbekiston chempionati sovrindori, 2013-yilda Buxoro viloyatida o‘tkazilgan xalqaro turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etgan.

– Shahzod kabi eng kuchli polvonlarni saralab, ular bilan belgilangan dastur asosida mashg‘ulotlar olib bormoqdamiz, – deydi katta murabbiy Kanalboy Artiqboyev. – Terma jamoamiz asosan Kegeyli, Nukus va Amudaryo tumanlaridagi umumta’lim maktablari, shuningdek, Nukus olimpiya zaxiralari kolleji huzuridagi maktab-internatning 8-, 9-sinf o‘quvchilaridan tashkil topgan. O‘quvchilarning shug‘ullanishlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, yotoqxona, uch mahal issiq ovqat, sport anjomlari, liboslar bilan to‘liq ta’minlangan.

Qoraqalpog‘istonlik yosh basketbolchilar ham “Umid niholllari” sport o‘yinlarining final bosqichida munosib ishtirok etish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Terma jamoa qizlari tajribali murabbiya Jamila Boymuratova rahbarligida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti huzuridagi 3-akademik litsey sport zalida mashg‘ulot olib bormoqda.

– Ular orasidan 8 nafar mahoratli sportchi tanlab olinadi, – deydi murabbiya J.Boymuratova. – Hozirda texnik va taktik mashg‘ulotlarni kuchaytirmoqdamiz. Sportchi qizlarimizdan umidimiz katta. Niyatimiz – Xorazm viloyati mezbonlik qiladigan katta sport bayramida sovrinli o‘rinlardan birini egallash.

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.