Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Final yo‘llanmalari uchun kurash qizg‘in

2015.04.18 | Yangiliklar

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Ayni kunlarda maktab o‘quvchilarining «Umid nihollari — 2015» respublika sport o‘yinlari final bosqichiga yo‘llanma beruvchi mintaqaviy bahslar qizg’in davom etmoqda.

Futbol bo‘yicha Guliston shahrida uyushtirilayotgan musobaqaning guruh bosqichi poyoniga yetdi. Qur’aga ko‘ra, endi chorak finalda Toshkent shahri — Qoraqalpog‘iston, Sirdaryo — Farg‘ona, Qashqadaryo — Buxoro, Samarqand — Xorazm terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. Mazkur juftliklar g‘oliblari shu yilning may oyida Urganch shahrida bo‘ladigan «Umid nihollari — 2015» respublika sport o‘yinlari final bosqichida medallar uchun kurashni davom ettiradi.

Chirchiq Olimpiya zaxiralari sport kolleji ringlarida esa boks bo‘yicha mintaqaviy bahslar o‘tkazilmoqda. Unda o‘n to‘rtta terma jamoa a’zolari o‘n uch vazn toifasida final yo‘llanmasi uchun jang olib borishyapti.

— Mintaqaviy bahslar kutilganidan-da shiddatli va keskin o‘tyapti, — deydi Toshkent viloyat terma jamoasi bosh murabbiyi Po‘latjon Shaxbazov. — Final bosqichiga kamida sakkiz vazn toifasi bo‘yicha yo‘llanmalarni qo‘lga kiritishni mo‘ljallagandik. Ammo musobaqaga raqiblarimizning ham puxta hozirlik ko‘rganligi, ayrim janglarda shogirdlarimizga biroz omad yetishmaganligi bois, to‘rtta yo‘llanma bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldik. Endi Urganchda bo‘ladigan final bosqichida Navo Tamazov (66 kg), Ozod Dovurov (70 kg), Shermuhammad Normo‘minov (75 kg) hamda Umid Tojimurodov (+80 kg)lar viloyatimiz sharafini himoya qiladi.

Voleybol bo‘yicha qizlar uchrashuvlariga Samarqand iqtisodiyot va servis instituti mezbonlik qilmoqda. Kecha musobaqaning guruh bosqichi oxirgi tur bahslari bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyati — Qashqadaryo, Farg‘ona — Xorazm, Buxoro — Sirdaryo, Qoraqalpog‘iston — Samarqand, Namangan — Surxondaryo, Toshkent shahri — Navoiy, Andijon — Jizzax viloyatlari terma jamoalari maydonga tushdi.

O‘smirlar o‘rtasidagi voleybol bahslari esa Samarqand davlat universiteti sport saroyida davom etmoqda. Kecha o‘tkazilgan Qashqadaryo — Toshkent viloyati, Namangan — Farg‘ona, Andijon — Buxoro, Toshkent shahri — Surxondaryo, Xorazm — Qoraqalpog‘iston, Jizzax — Samarqand juftliklari bahslari bilan guruh bosqichi nihoyasiga yetdi.

Erkin XOLBOBO,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.