Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Yoshlik va sport bayramiga puxta hozirlik

2015.04.15 | Yangiliklar

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Bunda maktablar, kollejlar, oliy o’quv yurtlari o’quvchi va talabalari o’rtasida o’tkazib kelinayotgan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”va Universiada sport musobaqalari yosh avlod tarbiyasida, ularning har tomonlama sog’lom bo’lib voyaga etishidakatta ahamiyat kasb etayapti. Ayniqsa, O’zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasining tashkil etilishi bu boradagi ishlarni sifat jihatdan yuqori pog’onaga ko’tardi.

Xorazm viloyatida ham bolalar sportiga bo’lgan katta e’tibor tufayli so’nggi yillarda yoshlar o’rtasida sport bilan shug’ullanuvchilar soni ancha o’sdi. Hozirgi kunda viloyatdagi mavjud 3261 ta sport inshootida 38 ta sport turi bo’yicha 211278 nafar o’quvchi shug’ullanmoqda. Mashg’ulotlar 865 nafar malakali murabbiy tomonidan olib borilyapti. Sport musobaqalarining tashkil etilishi ham yoshlar orasida sport bilan shug’ullanuvchilar sonining ko’payishiga imkon berayotir. O’tgan yili viloyatda turli darajadagi 4442 ta ommaviy sport tadbirlari o’tkazildi. Ularda 168150 nafar yosh sportchi ishtirok etdi. Qatnashchilarning 66632 nafarini qizlar tashkil etdi.

Keyingi yillarda viloyatda olimpiya sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor berilayapti. Viloyat sportchilari dzyudo, boks, taekvondo VTF, velosport, og’ir atletika, suzish va engil atletika bo’yicha yaxshi natijalarni qo’lga kiritishyapti. Istiqbolli sport turlari bo’lgan gimnastika, erkin kurash, yunon-rum kurashi, ayollar kurashi, baydarka va kanoeda eshkak eshish, qilichbozlik hamda paralimpiya sport turlarini rivojlantirish borasida muayyan choralar ko’rilmoqda. Hozirda og’ir atletika, boks, dzyudo, taekvando VTF, velosport bo’yicha 30 nafardan ortiq viloyat sportchilari respublika terma jamoalari tarkibida 2016 yilda Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da bo’lib o’tadigan XXXI yozgi Olimpiada va XV paralimpiya o’yinlariga yo’llanma olish uchun o’quv-yig’in mashg’ulotlarida hamda xalqaro musobaqalarda ishtirok etishyapti.

Tahlillar shuni ko’rsatmoqdaki, ayrim sport turlari bo’yicha past natijalarni qayd etib kelayotgan Yangiariq, Bog’ot va Qo’shko’pir tumanlarida ahvolni yaxshilash maqsadida zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu tumanlarda yangi sport inshootlari qurilib ishga tushirildi, mavjudlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, tajribali murabbiylar ishga jalb qilindi. Natijada ushbu tumanlarda yoshlarning sport bilan shug’ullanishi sezilarli darajada yaxshilandi. Birgina Yangiariq tumani misolida olib ko’radigan bo’lsak, so’nggi bir yilda sport mashg’ulotlariga qo’shimcha ravishda ikki ming nafarga yaqin o’quvchi jalb etildi va ular soni bugunga kelib 9088 nafarga etdi.

Viloyatda bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o’zining ijobiy samarasini beryapti. Buni “Umid nihollari-2015” sport musobaqalariga tayyorgarlik ko’rish jarayonida o’tkazilgan bellashuvlarda ishtirokchilar sonining ko’payganligi yaqqol ko’rsatmoqda. Maktablarning 5–9-sinflari o’quvchilari o’rtasida nufuzli sport musobaqasiga saralash bosqichini o’tovchi bahslarda 40162 nafar o’quvchi ishtirok etdi. Shundan 14880 nafarini qizlar tashkil qildi. Musobaqa qatnashchilari orasidan eng yaxshilari saralab olinib, 17 ta sport turi bo’yicha viloyat terma jamoalari shakllantirildi.

Ayni paytda viloyatning yosh sportchilari qo’l to’pi, basketbol, voleybol, futbol, boks, og’ir atletika, engil atletika, sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, suzish, stol tennisi, erkin kurash, yunon-rum kurashi, dzyudo, taekvando VTF, badminton, shaxmat bo’yicha tajribali murabbiylar rahbarligida bo’lajak nufuzli musobaqaga qizg’in tayyorgarlik ko’rishyapti. Buning uchun ularga barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

— Sport gimnastikasi bo’yicha viloyat terma jamoasi tarkibiga kiritilgan o’g’il bolalar va qizlar Urganch olimpiya zaxiralari kolleji sport zalida haftasiga uch marta o’quv-yig’in mashg’ulotlarida qatnashyapti, — dedi murabbiy Irina Ismoilova. — Jamoa a’zolarining asosiy qismini shahrimizdagi 1-sonli Bolalar va o’smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchilari tashkil etayapti. Sportning ushbu turini yanada rivojlantirish uchun imkoniyatlar etarli. Shuning uchun hozirda tumanlarda ham sport gimnastikasi to’garaklari faoliyati yo’lga qo’yilmoqda. Ular yangi jihozlar bilan ta’minlanib, bu ishga malakali murabbiylar jalb qilinyapti. Shu tariqa yaqin vaqt ichida sport gimnastikasi viloyatda tez sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan sport turiga aylanadi.

“Umid nihollari-2015” sport musobaqalarining bu galgi ishtirokchilari 584 ta medallar shodasi uchun o’zaro kuch sinashadilar. G’olib va sovrindorlar turli darajadagi diplomlar, esdalik va qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlanadilar. Muhimi, har uch yilda bir marta o’tkaziladigan bu sport musobaqalariga respublikamizning turli burchaklaridan tashrif buyuradigan yoshlarga bellashuvlar davomida bayramona kayfiyat ulashish ko’zda tutilayapti.

Buning uchun sport musobaqalari o’tkaziladigan Urganch shahrida barcha tayyorgarlik ishlari nihoyasiga etkazilmoqda. Sportchi yoshlar joylashadigan yotoqxonalarda qurilish va ta’mirlash ishlari yakunlandi. Ularda elektr, gaz, suv va issiqlik manbai kabi kommunikatsiya tizimlari ta’mirlanib, musobaqaga taxt qilib qo’yildi. Zamonaviy jihozlangan yuvinish va kiyinish xonalari ham o’quvchilar ixtiyoriga beriladi.

Asosiy sport musobaqalari bo’lib o’tadigan va o’quvchilar joylashadigan Urganch olimpiya zaxiralari kolleji, Yoshlik shaharchasi, yopiq va ochiq suv havzalari, Urganch davlat universiteti, uning qoshidagi 2-akademik litseyi sport zallari singari ko’plab sport va ijtimoiy inshootlarda katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilyapti. Musobaqaning ochilish va yopilish marosimlari o’tkaziladigan Markaziy stadion mukammal ta’mirlanmoqda. O’n uch ming tomoshabinga mo’ljallangan stadionda muxlislar uchun barcha qulayliklar yaratilayotir.

“Umid nihollari-2015” sport musobaqalari tashkil etilishi munosabati bilan Urganch shahrida keng ko’lamdagi obodonlashtirish, ko’kalamzorlashtirish ishlari bajarilmoqda. Hozirda shahar ko’chalariga, bog’ va xiyobonlarga 13 million tupdan ziyod shafran, pettunya, verbinya, gultojixo’roz, katarantus, astra va boshqa turdagi ko’plab gul ko’chatlarini ekish ishlari jadal olib borilmoqda.

— Yoshlarni sportga keng jalb qilishda maktab o’quvchilari ishtirokida o’tkazilayotgan “Umid nihollari” sport musobaqalarining ahamiyati katta, — dedi viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha yordamchisi Shavkat Yaxshiboev. — Mamlakatimiz o’quvchi-yoshlarining ushbu sport bayramini munosib tarzda o’tkazish uchun barcha tayyorgarlik ishlari amalga oshirilyapti. Ularni tezroq tugallash choralari ko’rilib, musobaqa qatnashchilariga zarur shart-sharoitlarning hammasi muhayyo etilyapti.

Ushbu nufuzli sport musobaqalarini yuqori saviyada o’tkazish uchun barcha qulayliklar yaratilayotgani bellashuvlarning qizg’in kurashlarga boy o’tishini ta’minlashi shubhasiz.

Farhod Abdullayev,

“Turkiston-press” muxbiri

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.