Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Navbat — mintaqaviy bahslarga!

2015.04.11 | Yangiliklar

Mamlakatimiz umumta’lim maktablari o‘quvchilarining «UMID NIHOLLARI — 2015» sport musobaqalari final bosqichiga Xorazm viloyati mezbonlik qiladi

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Bugungi kunda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda mazkur sport bayramiga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Kuni kecha esa uch bosqichda an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan «Umid nihollari — 2015» sport musobaqalarining viloyat (shahar) bosqichi bahslari poyoniga yetdi.

Musobaqalarda o‘quvchi-sportchilar 12 sport turi — badiiy gimnastika, badminton, dzyudo, yengil atletika, og‘ir atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, taekvondo (WTF), suzish, shohmot, erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha maydonga tushdi.

Maktab o‘quvchilarining bahorgi ta’til kunlarida uyushtirilgan viloyat bosqichi bahslarida jami 55787 o‘quvchi, jumladan, 18863 nafar qiz g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Yakunda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda yuqoridagi sport turlari bo‘yicha terma jamoalar shakllantirilib, 672 nafar ishtirokchi joriy yilning may oyida Xorazm viloyatida bo‘ladigan «Umid nihollari — 2015» sport o‘yinlari respublika final bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

— Mamlakatimiz umumta’lim maktablari o‘quvchilarining ushbu katta sport bayrami 2002 yildan beri muntazam o‘tkazib kelinayotgan bo‘lsa, hozirgacha musobaqalarda 12 sport turi bo‘yicha g‘oliblar nomi aniqlanar edi, — deydi Xalq ta’limi vazirligi bolalar sportini rivojlantirish boshqarmasi nazoratchi-metodisti Furqat Najimov. — «Umid nihollari — 2015» sport o‘yinlaridan boshlab musobaqa dasturi yana yettita sport turiga ko‘paydi. Hozirgacha o‘n ikkita sport turi bo‘yicha musobaqaning respublika final bosqichida qatnashuvchi o‘quvchi-sportchilar nomi ma’lum bo‘lgan. Dasturdan joy olgan yana besh sport turi — futbol, voleybol, qo‘l to‘pi, basketbol hamda boks bo‘yicha finalchilar nomi mintaqaviy bosqichda uyushtiriladigan bahslar orqali aniqlanadi.

Rejaga ko‘ra, 13-18 aprel kunlari Samarqandda voleybol, Gulistonda futbol hamda Chirchiqda boks bo‘yicha o‘n uch vazn toifasida mintaqaviy bahslar g‘oliblari nomiga oydinlik kiritiladi. Shuningdek, 20-25 aprel kunlari Nukusda qo‘l to‘pi, Farg‘ona shahrida esa basketbol bo‘yicha final bosqichi yo‘llanmalari uchun uchrashuvlar o‘tkazilishi belgilangan.

Erkin XOLBOBO,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.