Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Yuksak cho‘qqilar sari

2015.04.11 | Yangiliklar

A’zamjon poytaxtimizning Yashnobod tumani Tarnovboshi mahallasidagi 35-bolalar va o‘smirlar sport maktabining boks to‘garagiga qatnaydi. U joriy yilda Xorazm viloyatida o‘tadigan “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.

– “Umid nihollari” sport musobaqasining mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldim, – deydi A’zamjon Muhammadjonov. – Murabbiyim Alisher Boboxo‘jayev bilan mashg‘ulotlar o‘tkazmoqdamiz. Maqsadim – ushbu musobaqaning final bosqichida ham g‘olib bo‘lish.

Mamlakatimizda yosh iqtidor egalarini qo‘llab-quvvatlash, mahoratli sportchilar va malakali murabbiylarni tayyorlash, terma jamoalar zaxirasini boyitishda bolalar va o‘smirlar sport maktablarining hissasi katta. Yashnobod tumanidagi 35-bolalar va o‘smirlar sport maktabi shunday maskanlardan.

2013-yilda mazkur sport maktabida 200 nafar o‘g‘il-qiz shug‘ullanishni boshlagan bo‘lsa, ayni kunda ular 700 nafardan oshdi. Bu Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodni sportga jalb etish, ularni har tomonlama sog‘lom va barkamol qilib voyaga yetkazish, iste’dodli o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasidir.

Maktab 2010-yilda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan kapital rekonstruksiya qilindi. Boks ringi, suv havzalari, yuvinish, tibbiyot xonalari tubdan ta’mirlanib, sport jihozlari, trenajyorlar bilan ta’minlangan.

Tarbiyalanuvchilar darsdan so‘ng har kuni futbol, suzish, badiiy gimnastika, triatlon, boks, o‘zbek jang san’ati kabi sport turlari bilan malakali murabbiylar qo‘l ostida shug‘ullanmoqda.

– Maktabimizda yoshlarning sport turlari bilan shug‘ullanishi uchun barcha zarur sharoit yaratilgan, – deydi maktab direktori Botir Zokirov. – Joriy yilda tarbiyalanuvchilarimiz o‘zbek jang san’ati va suzish bo‘yicha mamlakat chempionatlarida g‘olib bo‘ldi. Suzish va boks bo‘yicha “Umid nihollari – 2015” musobaqasi saralash bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Jumladan, boks seksiyasi tarbiyalanuvchilari Jahongir Ergashev, Abdulla Komiljonov, Husniddin Odilov, A’zamjon Muhammadjonov, Nodir Anvarov, Jasur Komilov musobaqaning yakuniy bosqichiga yo‘llanma oldi. Suzish bo‘yicha Malika Rahimova, Aleksandr Chirkov va Vyacheslav Rudnev ham mazkur sport bayrami finalida qatnashish huquqiga ega bo‘ldi.

Maktabning o‘zbek jang san’ati seksiyasi tarbiyalanuvchilari mamlakat chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni egallab, terma jamoalarga jalb etilmoqda. Doston Yo‘ldoshev, Maftuna Xudoyorova, Ahmad Turdioxunov, Sevinch Safarova kabi yosh sportchilar erishayotgan yutuqlar bunga misoldir.

– Sport yoshlarning irodali, qat’iyatli, oldiga qo‘ygan maqsadi sari intiluvchan bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi, – deydi yosh sportchi D.Yo‘ldoshev. – Shu bois oilamizda sportga qiziqish katta. Yurtimizda yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi, iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun imkoniyatlar keng. Niyatim, bunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, nufuzli musobaqalarda g‘olib bo‘lish.

Nurillo Nasriyev, O‘zA

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.