Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Kichik olimpiadaga tayyorgarlik qizg‘in

2015.04.09 | Yangiliklar

Farg‘ona viloyati umumta’lim maktablari o‘quvchilari Xorazmda o‘tkaziladigan “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalariga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.

Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish, iste’dodli sportchilarni tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli sport musobaqalarining dastlabki bo‘g‘ini – “Umid nihollari” yosh avlodning sportga qiziqishini oshirish, ularda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Hozirda yurtimiz sharafini xalqaro maydonlarda ulug‘layotgan sportchilarning aksariyati o‘zlarining ilk g‘alabalariga aynan “Umid nihollari” musobaqalarida erishgani ham e’tiborlidir.

– “Umid nihollari” sport musobaqasining hududiy va viloyat bosqichlari yuqori saviyada tashkil etildi, – deydi “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Farg‘ona viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Umidjon Umaraliyev. – Mazkur musobaqalarda mingdan ziyod yosh sportchi g‘oliblik uchun bahslashdi. Ayni kunlarda ular orasidan saralangan yosh sportchilar viloyatdagi bolalar va o‘smirlar sport maktablarida “Umid nihollari” dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha malakali murabbiylar boshchiligida tayyorlanmoqda.

Musobaqalarning viloyat bosqichida suzish, boks, badminton kabi sport turlari bo‘yicha Qo‘qon shahri, yengil atletika, badiiy gimnastikada esa Farg‘ona shahri, yunon-rum kurashida Buvayda tumani, og‘ir atletikada Oltiariq tumani o‘quvchilari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Boshqa sport turlarida ham g‘oliblar aniqlanib, viloyat terma jamoalari shakllantirildi.

Mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli farg‘onalik yosh sportchilar mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuksak natijalarga erishmoqda. Xususan, keyingi uch yilda qizlar o‘rtasida sportning badiiy gimnastika turi ancha ommalashdi. Farg‘ona shahridagi bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi tarbiyalanuvchisi Ruxshona Fayozovaning Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda sovrinli o‘rinni egallagani bunga yaqqol misoldir.

– Davlatimiz tomonidan sportni rivojlantirish, ayniqsa, biz, yoshlar kamolotiga qaratilayotgan yuksak e’tibordan minnatdormiz, – deydi Ruxshona. – “Umid nihollari” kabi musobaqalar bizning xalqaro miqyosda muvaffaqiyatga erishishimizga qanot bermoqda.

Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tgan “Umid nihollari – 2012” sport musobaqalarida kutilgan natijalarni qo‘lga kirita olmagan farg‘onalik o‘quvchilar bu muvaffaqiyatsizlikdan tegishli xulosa chiqarib, Xorazmga puxta tayyorgarlik bilan borishni maqsad qilgan.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.