Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Yoshlik va sport bayramiga tayyorgarlik avjida

2015.04.08 | Yangiliklar

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Xorazmda “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalariga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.

Mamlakatimizda sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish, navqiron avlodning o‘zlari qiziqqan sport turi bilan muntazam shug‘ullanishi uchun sharoitlar yaratish, yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari muhim ahamiyat kasb etayotir.

– Yoshlarni sportga keng jalb etish, mohir sportchilarni tarbiyalashda umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Umid nihollari” sport musobaqalari alohida o‘rin tutadi, – deydi Xorazm viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha yordamchisi Shavkat Yaxshiboyev. – Mamlakatimiz o‘quvchi-yoshlarining ushbu sport bayramini munosib o‘tkazish uchun viloyatimizda puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 9-oktabrdagi “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risidagi yig‘ilishi bayoniga asosan mazkur sport bayramini yuqori saviyada tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyat markazi chinnakam qurilish maydoniga aylangan. Sport musobaqalari o‘tkaziladigan obyektlarda qurilish, ta’mirlash, jihozlash ishlari nihoyasiga yetkazilayotir. Ayniqsa, “Yoshlik” sport shaharchasi jahon standartlari asosida barpo etilmoqda.

“Umid nihollari – 2015” sport musobaqalari 17 sport turi, ya’ni, basketbol, voleybol, qo‘l to‘pi, futbol, suzish, stol tennisi, badiiy gimnastika, sport gimnastikasi, yengil atletika, erkin kurash, yunon-rum kurashi, taekvondo, dzyudo, boks, og‘ir atletika, badminton, shaxmat bo‘yicha o‘tkaziladi.

Shu oyda sportning futbol, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi, boks turlari bo‘yicha hududiy saralash bosqichlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu bosqichda 4 g‘olib viloyat aniqlanib, final musobaqalariga yo‘llanma beriladi. 12 sport turi bo‘yicha terma jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri final bosqichida qatnashadi. Final musobaqalarida 1000 ga yaqin o‘quvchi ishtirok etishi kutilmoqda.

“Umid nihollari – 2015” sport musobaqalarining tantanali ochilish va yopilish marosimlarini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ishtirok etuvchilarning umumiy soni, yashash va ovqatlanish joyi, sport obyektlarining aniq manzilli ro‘yxati tasdiqlandi. Sport bayramini yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq xavfsizlik va jamoat tartibini saqlash, obyektlarning sanitariya-gigiyenik holati, ishtirokchilarni dam oldirish, ovqatlantirish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish kabi masalalar yuzasidan ham zarur chora-tadbirlar belgilangan.

Sportchi yoshlar joylashadigan yotoqxonalarda qurilish va ta’mirlash ishlari yakuniga yetdi. Bu yerda elektr, gaz, suv va issiqlik manbai kabi kommunikatsiya tizimlari ta’mirlanib, musobaqaga taxt qilib qo‘yildi. Zamonaviy jihozlangan yuvinish va kiyinish xonalari o‘quvchilar ixtiyoriga beriladi.

Musobaqani keng yoritib boradigan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun ham barcha sharoit yaratildi. Axborot markazi zarur jihozlar bilan ta’minlanib, komputerlar internet tarmog‘iga ulandi.

Urganch olimpiya zaxiralari kolleji, “Yoshlik” shaharchasi, yopiq va ochiq suv havzalari, ochiq tennis korti majmuasi, Urganch davlat universiteti, Urganch shahar 2-akademik litseyi sport zallari kabi ko‘plab sport va ijtimoiy inshootlarda keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari davom etmoqda.

Musobaqaning ochilish va yopilish marosimi bo‘lib o‘tadigan “Olimpiya” markaziy stadioni mukammal ta’mirlanmoqda. Sport majmuasining dizayni butunlay yangi qiyofa kasb etayotir. O‘n uch ming tomoshabinga mo‘ljallangan stadionda muxlislar uchun zarur qulayliklar yaratilmoqda. Futbol maydoniga mahalliy iqlim sharoitiga mos chim ekilib, avtomatik sug‘orish hamda drenaj tizimi bilan ta’minlandi. U yilning to‘rt faslida ham o‘z rangi va tarovatini yo‘qotmaydi.

“Umid nihollari – 2015” sport musobaqalari munosabati bilan Urganch shahrida keng ko‘lamli obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilayotir. Mamlakatimizda davom etayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi davomida 13 million tupdan ortiq petnuya, shafran, verbinya, gultojixo‘roz, katarantus, astra va boshqa turdagi gul ko‘chatlari ekiladi. Bu katta sport bayramiga mezbonlik qiladigan Urganch shahrining jamolini yanada ko‘rkamlashtiradi.

Muxtasar aytganda, ushbu nufuzli tadbirni yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Bu yosh avlodnining jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar bo‘lib ulg‘ayishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalari qizg‘in kurashlarga boy o‘tishini ta’minlaydi.

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), O‘zA

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.