Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Qashqadaryolik yosh sportchilar g‘oliblikka da‘vogar

2015.04.01 | Yangiliklar

Xorazmda o’tkaziladigan maktab o’quvchilari o’rtasidagi “Umid nihollari-2015” sport o’yinlarining boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Xo’sh, Qashqadaryo viloyati vakillari unga qanday tayyorgarlik ko’rishayapti? Shu savol bilan viloyat Madaniyat va sport ishlari boshqarmasining sport ishlari bo’yicha bosh mutaxassisi Sardor Eshboboyevga murojaat qildik.

— Bu yil “Umid nihollari-2015”da sportning futbol, voleybol, basketbol, qo’l to’pi, dzyudo, taekvondo WTF, engil atletika, og’ir atletika, stol tennisi, suzish, shaxmat, badminton, boks, erkin kurash, yunon-rum kurashi, badiiy gimnastika va sport gimnastikasi kabi turlari bo’yicha musobaqalar bo’ladi. Ayni kunlarda tayyorgarlik ishlari avj pallaga kirgan. Bir muddat avval selektsiya ishlari olib borilib, chekka qishloqlardan iqtidorli o’quvchilarni saralab olgan edik. Joriy yilning yanvar oyidan boshlab ular har bir sport turi uchun belgilangan manzillarda joylashib, har kuni ikki mahaldan o’quv yig’in mashg’ulotlari olib borishayapti. Jami 128 nafar sportchi saralab olindi.

Basketbolchilarning o’g’il bolalar jamoasi mart oyining boshida Toshkent shahrida o’tkazilgan respublika chempionatida ishtirok etib, kumush medalni qo’lga kiritishdi. Murabbiylar bilan gaplashganimizda, ular bemalol birinchi o’rin uchun kurashishlarini va bunga erishishlarini aytishdi. Voleybolchilarimiz ham faollashgan. Ular Samarqandda o’tkazilgan saralash o’yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Frantsiyada o’tkazilgan xalqaro turnirda “Umid nihollari-2015”da qatnashadigan ikki nafar dzyudochimiz oltin va bronza medallarini qo’lga kiritib qaytishdi. Suzishdan ham yaxshi natijalar kutayapmiz. Bugungi kunda 10 nafar suzuvchini poytaxtdan jalb qilingan murabbiy tayyorlayapti. Shaxmatchi Abdumalik Abdusalimov respublika terma jamoasi tarkibida kun davomida 8 soatdan mashg’ulotlar olib borayapti. U 14 yoshlilar o’rtasida respublikada birinchi raqamli sportchi hisoblanadi. Badiiy gimnastika murabbiyasi Vera Kataeva ikki nafar shogirdi bilan Rossiyada 20 kun davomida o’quv-yig’in mashg’ulotlarida qatnashib qaytdi. Ulardan ham katta natija kutmoqdamiz.

Shohista Bozorova,

“Turkiston-press” muxbiri yozib oldi

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.