Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Maqsadimiz – kuchlilar qatoridan o‘rin olish

2015.03.10 | Yangiliklar

Mamlakatimiz ta’lim tizimida uch bosqichli sport musobaqalari – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” hamda Universiada o‘yinlarining o‘tkazilishi sportni ommalashtirish va rivojlantirish, yosh iste’dodlarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yilda Xorazm viloyati mezbonlik qiladigan “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalariga Navoiy viloyatida ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotir.

– O‘quvchilarning ushbu kichik olimpiadasi yoshlarni sport mashg‘ulotlariga keng jalb qilish, ular o‘rtasida sportni ommalashtirish ishlarini zamon talablari darajasiga ko‘tarish, jamoa bo‘lib harakat qilish hamda milliy sport turlarini yanada rivojlantirishda alohida o‘rin tutmoqda, – deydi “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatining Navoiy viloyati kengashi raisi o‘rinbosari Sh.Narziyeva. – Ayni paytda viloyatda “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalarining final bahslariga jiddiy hozirlik ko‘rilib, terma jamoalar shakllantirilmoqda. O‘n yetti sport turi bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda viloyatning gandbol, voleybol, basketbol terma jamoalari, erkin va yunon-rum kurashi, shuningdek, dzyudochi polvonlardan umidimiz katta.

Viloyat voleybol terma jamoasi a’zolari Navoiy olimpiya zaxiralari kollejida tajribali murabbiylar ko‘magida mahoratini oshirmoqda.

– Ushbu musobaqalarda viloyatimiz sharafini munosib himoya qilish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz, – deydi Navoiy olimpiya zaxiralari kollejining 9-sinf o‘quvchisi, voleybolchi Jahongir Murodillayev. – “Umid nihollari – 2015”da kuchli sportchilardan tarkib topgan jamoalarga duch kelishimizni yaxshi bilamiz va tayyorgarlikni ham shunga yarasha olib bormoqdamiz. Maqsadimiz – yuqori o‘rinlar uchun kurashish. Bunga jamoamizning kuchi ham, mahorati ham yetadi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.