Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


“Kichik Olimpiada”dan jahon maydonlariga

2015.02.03 | Yangiliklar

“Sizlarning chuqur, zamonaviy bilimlar olish va ma’naviy yuksalish bilan bir qatorda, sport musobaqalarida qatnashishingiz, qizg‘in kurash va bellashuvlarda jismoniy chiniqib, irodangizni toblash, qiyinchiliklarni yengish yo‘lidagi intilishlaringiz kelgusi hayotingizda yangi-yangi yutuqlarga erishishda, har tomonlama yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishingizda mustahkam poydevor bo‘lishiga ishonaman”.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2002-yili Farg‘ona viloyatida ilk marotaba o‘tkazilgan “Umid nihollari” sport o‘yinlari qatnashchilariga yo‘llagan tabrigida aytilgan bu so‘zlar bugun sog‘lom va barkamol avlod bo‘lib voyaga yetayotgan, o‘z iqtidori va salohiyati bilan yurtimiz ravnaqiga, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori yuksalishiga munosib hissa qo‘shayotgan o‘g‘il-qizlarimiz timsolida o‘z isbotini topmoqda.

Mamlakatimizda joriy qilingan ta’lim sohasidagi uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari yurtimizda ana shunday navqiron avlodni voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda, millionlab sportsevar yoshlarimizga bir olam quvonch, g‘alaba nashidasini, unutilmas lahzalarni hadya etadigan yoshlik va barkamollik bayramiga aylanmoqda.

Barkamol avlod orzusi

Xalqimizda yaxshi odat bor: oilada farzand dunyoga kelsa, unga atab bitta ko‘chat ekadi. Buning hikmati shuki, mehr va parvarish bilan ona zamindan kuch-quvvat olib, ildizlari baquvvat bo‘lib o‘sgan nihol ko‘kka bo‘y cho‘zgani kabi, yaxshi ta’lim-tarbiya olib, ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom bo‘lib ulg‘aygan farzandlar el-yurtga, ota-onasiga rahmat keltiradi.

Bolaligimizda boboyu momolarimiz, ota-onalarimiz aytgan ertaklarni – ori uchun talashgan Alpomishu Barchinoyni, el-yurt tinchligini o‘ylab jonini xatarga qo‘yishdan bosh tortmagan Shiroqni eslang. Bu kabi ertagu afsonalarda, dostonlarda komil inson timsoli, uning qahramonliklari kuylangan, avlodlarga ibrat qilib ko‘rsatilgan. Xalqimiz shu bilan farzandlarini mard, jasur, vatanparvar insonlar qilib voyaga yetkazishga intilgan. Zero, barkamol avlod orzusi – xalqimizning ezgu maqsadi, barcha intilishlarimiz negizidir.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodning intellektual qobiliyati va iste’dodini ro‘yobga chiqarish, ularni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtboshimizning “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart!” degan purhikmat da’vati hayotimizda o‘z ifodasini topmoqda.

Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq ta’lim tizimida uzoqni ko‘zlab amalga oshirilgan ezgu sa’y-harakatlarning natijalariga butun dunyo tan bermoqda. Yurtimizning barcha hududlarida qad rostlagan zamonaviy ta’lim-tarbiya maskanlari, u yerda yoshlarning mukammal bilim olishi uchun yaratilgan keng imkoniyatlar darhaqiqat kishini lol qoldiradi.

O‘tgan yili mamlakatimizda 380 maktab, 160 dan ortiq kasb-hunar kolleji va akademik litsey tubdan yangilandi. Mazkur maqsadlar uchun qariyb 550 milliard so‘m sarflandi. Ushbu mablag‘larning 120 milliard so‘mdan ortig‘i ta’lim maskanlarini o‘quv-laboratoriya va ishlab chiqarish uskunalari, komputer va multimedia vositalari bilan ta’minlash uchun ajratildi.

2011-2016-yillarda oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish dasturi doirasida 19 oliy o‘quv yurtida qurilish-rekonstruksiya, kapital ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha qiymati 230 milliard so‘mlik ishlar bajarildi. Bu ishlarni ilgari tasavvur qila olarmidik?! Ana shuning o‘ziyoq yurtimizda yosh avlod kamolotiga nechog‘li e’tibor qaratilayotganidan dalolatdir.

Ezgu maqsadlarga qanot

O‘g‘il-qizlarining sog‘lom va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida sport muhim vositalardan biri ekani hech kimga sir emas. Mamlakatimizda sport rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, yaratilayotgan barcha zarur sharoitlar o‘g‘il-qizlar o‘rtasida sport turlarining ommalashishida, ularni sog‘lom turmush tarziga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimizning g‘oyasi va tashabbusi bilan joriy qilingan uch bosqichli sport musobaqalari bugungi kunda mamlakatimizning millionlab o‘quvchi-yoshlarini o‘ziga qamrab olmoqda, ularning ezgu orzularini ro‘yobga chiqarishi uchun xizmat qilmoqda.

Mazkur sport o‘yinlari Olimpiya o‘yinlari tamoyillariga to‘la mos kelishi, musobaqalar adolat, hamjihatlik, ahillik, do‘stlik va sog‘lom raqobat ruhida o‘tkazilishi bilan ahamiyatlidir. Bu esa o‘z intilishi, shijoati va mustahkam irodasini namoyon etgan navqiron yigit-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda, ular uchun katta sportga keng yo‘l ochilmoqda. Ushbu musobaqalarda kashf etilgan iqtidorli sportchilarning aksariyati bugungi kunda qator sport turlari bo‘yicha qit’a va jahon miqyosidagi musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilmoqda.

– 2009-yili Gulistonda o‘tkazilgan “Umid nihollari” va 2011-yili Termizda tashkil etilgan “Barkamol avlod” sport o‘yinlarida badiiy gimnastika bo‘yicha erishgan muvaffaqiyatlarimni hozir ham hayajon bilan eslayman, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi Zamira Sanaqulova. – Bu g‘alabalarim katta sportga qadam qo‘yishimda muhim bosqich bo‘lgan.

O‘quvchi yoshlarning sport bayrami

“Umid nihollari” musobaqasi umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilishi hammaga ma’lum. Uning “Umid nihollari” deya nomlanishi shunga ishora. Zero, har bir insonning qalbida bolalik chog‘idanoq, aniqroq aytadigan bo‘lsak, maktab yoshidayoq ulkan orzu-umidlar kurtak yozadi.

Mazkur o‘yinlar chempion bo‘lishni maqsad qilgan minglab o‘quvchilarning katta sportga ilk qadami, tom ma’noda tajriba va mahorat maktabiga aylandi. Mazkur sport musobaqasi 2002-yili Farg‘onada, 2003-yili Xorazmda, 2006-yili Qarshida, 2009-yili Gulistonda, 2012-yili Navoiyda yuqori saviyada tashkil etildi.

Joriy yilda “Umid nihollari – 2015” respublika musobaqalariga yana Xorazm viloyati mezbonlik qiladi.

Vohada o‘quvchi yoshlarning sport bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotir. Jumladan, Urganch olimpiya zaxiralari kolleji, Urganch davlat universiteti, Yoshlik shaharchasi, Urganch shahar 2-akademik litseyidagi sport zali, kurash, gimnastika va tennis zallari, yopiq va ochiq suv havzalari, yopiq sport maneji, ochiq tennis korti majmuasi, talabalar turar joylari, oshxonalar, o‘quv, tibbiyot va xizmat binolari, Urganch shahridagi “Olimpiya” markaziy stadioni kabi ko‘plab sport va ijtimoiy obyektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Bu yil jami ming nafardan ziyod o‘quvchi o‘n olti sport turi bo‘yicha g‘oliblik uchun kuch sinashadi. Ahamiyatli jihati, musobaqada o‘quvchilar Olimpiadadan joy olgan sport turlari bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etadi. Demak, ular orasidan kelajakda jahon miqyosidagi nufuzli musobaqalarda, xususan, Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sha’nini munosib himoya qilishga qodir sportchilar yetishib chiqishi shubhasiz.

Bayram Aytmurodov, O‘zA

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.