Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Musobaqaga tayyorgarlik qizg‘in

2015.04.07 | Yangiliklar

Maktab o‘quvchilarining “Umid nihollari” sport musobaqasining navbatdagisi 2015-yilda Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tadi. Urganchda mazkur sport bayramiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan uch bosqichli sport o‘yinlarining birlamchi bo‘g‘ini bo‘lgan “Umid nihollari” musobaqasi yosh avlodni jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalash, ularni yirik xalqaro musobaqalarga tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi.

– Mamlakatimizda yosh avlodni sportga keng jalb qilish orqali sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish ishlariga alohida e’tibor qaratilayotir, – deydi viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i Sh.Madaminov. – Mazkur sport anjumani arafasida viloyatdagi ta’lim muassasalari, sport inshootlarini zamon talablari darajasida jihozlash, musobaqalarning yuqori saviyada o‘tishi uchun zarur shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sport bellashuvlari o‘tkaziladigan inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, ishtirokchilarni kutib olish, joylashtirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish borasida mutasaddi idora va tashkilotlar zimmasiga aniq vazifalar yuklatilgan.

Viloyatdagi ta’lim muassasalari, sport inshootlarini mazkur sport bayramiga tayyorlash, ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari davom etayotir. Tadbirda tayyorgarlik ishlarini belgilangan reja asosida tashkil qilish, obyektlarni vaqtida tayyorlash va topshirish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarning rahbarlariga kerakli tavsiyalar, topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda Xorazm viloyati hokimi P.Bobojonov so‘zga chiqdi.

O‘zA, A.Shokirov

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.