Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


“Umid nihollari”dan umidimiz katta

2014.04.03 | Yangiliklar

2014-yilning dastlabki uch oyida surxondaryolik yosh sportchilar mamlakatimiz va xalqaro miqyosda o‘tkazilgan o‘ttizga yaqin nufuzli musobaqada 63 oltin, 51 kumush, 46 bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Barcha zamonaviy sharoitlarga ega bolalar sporti inshootlarida shug‘ullanayotgan o‘quvchilar kelgusi yil Xorazmda bo‘lib o‘tadigan “Umid nihollari – 2015” sport musobaqasida ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritishni maqsad qilishgan.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalari o‘rtasida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan uch bosqichli sport o‘yinlarining birlamchi bo‘g‘ini bo‘lgan “Umid nihollari” musobaqasi yosh avlodni jismonan sog‘lom va ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash, ularni yirik xalqaro musobaqalarga tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Surxondaryo viloyatidagi 858 umumta’lim maktabida ikki ming 960 dan ortiq o‘qituvchi yosh avlodga jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishida saboq beradi. Ularning 540 nafari xotin-qizlardir. Mavjud 116 zamonaviy bolalar sporti inshootida 486 murabbiy yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli va maroqli o‘tkazib, bolalikdan o‘zlari qiziqqan sport turini puxta egallashiga yaqindan ko‘maklashmoqda. Xususan, ayni paytda umumta’lim maktablari o‘quvchilarining 185 ming 374 nafari 27 sport turi bo‘yicha muntazam shug‘ullanayotir. Ularning 60 mingga yaqini qizlardir.

– Barcha sport inshootlarida muntazam shug‘ullanish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan, – deydi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali direktori Faxriddin Abdurasulov. – “Otam, onam va men – sportchilar oilasi”, “Olimpiya umidlari”, “Yozgi ta’til”, “Bahor malikalari” kabi sport bellashuvlari tashkil etilayotgani sportga mehr qo‘ygan bolajonlarning g‘oliblar safidan o‘rin olishiga puxta zamin hozirlamoqda. Jumladan, joriy yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yengil atletika, Tailandda muaytay, Rossiyada taekvondo bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda surxondaryolik o‘g‘il-qizlar o‘nga yaqin oltin, uchta kumush va yettita bronza medal bilan taqdirlandi. Jahonning turli qit’alarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan yosh sportchilar safida Najmiddin Qosimxo‘jayev, Nozimbek Umarov, Mohira Raimova, Kimyo Eshboyeva kabi ko‘plab o‘quvchilarimiz borligidan faxrlanamiz.

– Shu yil taekvondo bo‘yicha Rossiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda oltin medalga sazovor bo‘ldim, – deydi Jarqo‘rg‘on tumanidagi 41-maktab o‘quvchisi Mohira Raimova. – Biz, yoshlarning mana shunday ulkan natijalarga erishishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

O‘zA, X.Mamatrayimov

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.