Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Musobaqalarga tayyorgarlik qizg‘in

2014.02.21 | Yangiliklar

Samarqand viloyatidagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari 2015-yilda Xorazm viloyatida o‘tkaziladigan “Umid nihollari” sport o‘yinlariga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan va har uch yilda an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan mazkur sport musobaqalari yosh avlodni sog‘lom turmush tarzi tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning sportga qiziqishini oshirish, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. E’tiborlisi, ushbu tadbirlar munosabati bilan joylarda zamonaviy sport majmualari bunyod etilmoqda, aholining, ayniqsa, yoshlarning sportga qiziqishi ortmoqda.

– 2012-yilda Navoiyda o‘tkazilgan “Umid nihollari” sport o‘yinlarining respublika final bosqichida viloyatimiz o‘quvchi-yoshlari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, Prezidentimiz sovg‘asi – “Damas” avtomashinasi bilan taqdirlangan edi, – deydi “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati viloyat kengashi direktori o‘rinbosari Dilshod Ahmedov. – 2015-yili Xorazm viloyati mezbonlik qiladigan musobaqalarda ham yuqori natijaga erishish maqsadida hozirdanoq tayyorgarlik ishlari qizg‘in suratda olib borilmoqda. Jumladan, 2013-yil sentabr-oktabr oylarida musobaqalarning dastlabki bosqichi umumta’lim maktablarida yuqori saviyada tashkil etildi. Unda 437 ming nafardan ziyod o‘quvchi, jumladan, 201 mingdan ortiq qizlar sportning 15 turi bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Mazkur bosqich ayniqsa, Samarqand shahri, Urgut, Pastdarg‘om, Payariq, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida yuqori saviyada o‘tkazildi. Joriy yilning yanvar oyida musobaqalarning tuman, shahar final bosqichida 130 mingdan ziyod o‘quvchi yana bir bor o‘z mahoratini namoyish etdi. Ular orasidan saralangan g‘oliblar ayni paytda mart oyida o‘tkaziladigan viloyat bosqichiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

O‘quvchilarning musobaqalarga puxta hozirlik ko‘rishi va mahoratlarini oshirib borishi uchun ta’lim muassasalarida barcha sharoitlar yaratilgan. Sportchi o‘quvchilar va murabbiylar umumta’lim maktablari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari, mahallalardagi sport inshootlaridan samarali foydalanmoqda.

O‘zA, G‘.Hasanov

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.