Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


“Kichik olimpiada”ga katta taraddud

2015.04.18 | Yangiliklar

Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol voyaga yetkazish, bolalar sportini rivojlantirish, o‘g‘il-qizlarimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni jismonan yetuk, yuksak ma’naviyatli va intellektual salohiyatli insonlar etib tarbiyalashga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov g‘oyasi va tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining faoliyati sohada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotir. Jamg‘arma tomonidan shahar va qishloqlarda zamon talablariga javob beradigan sport majmualari va stadionlar barpo etish, ularni yuqori malakali murabbiylar va zarur sport jihozlari bilan ta’minlash, iste’dodli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Jizzax tumanidagi 1-bolalar va o‘smirlar sport maktabi – viloyatdagi namunali muassasalardan biri. Maktabning yosh sportchilari nafaqat viloyat, balki respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. 2011-yili maktabning yosh bokschilari Ukrainada 2000-2003-yillarda tug‘ilgan bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

– Bu yerda yoshlar o‘zlari yoqtirgan sport turi bilan malakali murabbiylar rahbarligida shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi maktab direktori, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Laziz Zokirov. – Xalqaro standartlar asosida bunyod etilgan zamonaviy inshootning sport zallari, sinf xonalari, stadion va maydonlari zarur anjomlar bilan jihozlangan. Ayni paytda maktabda 1200 dan ziyod o‘quvchi sportning sakkiz turi bilan muntazam shug‘ullanadi. Ularga 17 nafar sport ustasi, jumladan, bir nafar xalqaro toifadagi sport ustasi bo‘lgan mutaxassis murabbiy saboq bermoqda.

Maktab o‘quvchilari sportning ko‘plab turlari bo‘yicha salmoqli natijalarga erishmoqda. 2012-yilda maktab tarbiyalanuvchilari milliy kurash bo‘yicha 1997-1998-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida bittadan oltin va kumush medalini qo‘lga kiritdi. Futbol, milliy kurash, dzyudo turlari bo‘yicha tahsil olayotgan yoshlar viloyat va respublika terma jamoalari tarkibidan o‘rin olmoqda.

Ayni vaqtda Jizzax shahri va tumanlarida faoliyat ko‘rsatayotgan yigirma ikkita bolalar va o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchilari 2015-yilda Xorazm viloyatida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Umid nihollari” musobaqalariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli musobaqalar tizimida “Umid nihollari”ning ahamiyati tobora ortib borayotir, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasining sport ishlari bo‘yicha bosh mutaxassisi Dadajon Shodmonov. – Bugungi kunda mamlakatimiz sharafini xalqaro musobaqalarda munosib himoya qilayotgan sportchilar orasida o‘zining dastlabki medallarini aynan “Umid nihollari”da qo‘lga kiritgan yoshlar ko‘p. Boshqacha aytganda, Vatanimiz sportining bo‘lajak yulduzlari ana shu “kichik olimpiada” musobaqalarida kashf etilmoqda.

O‘zA, T.Beknazarov

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.