Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Asosiy mashg‘ulotlar hali oldinda

2015.03.24 | Suzish

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Olmaliq shahridagi 3-bolalar va o‘smirlar sport maktabi har qachongidan gavjum. Bir guruh yosh sportchilar o‘zlarining amaliy va taktik mashg‘ulotlarini davom ettirmoqda.

Bugun g‘alvir suvdan ko‘tariladigan, harakat va intilishlar o‘z bahosini topadigan kun. O‘quvchilarning barchasi sinovdan o‘tkaziladi. Kim qanday natija qayd etishini esa avvaldan bashorat qilib bo‘lmaydi. Hamma hayajonda. Navbat konchilar va metallurglar shahridagi 20-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Shahzoda Namozovaga keldi. U joriy yilda Xorazmda bo‘lib o‘tadigan “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarida suzish bo‘yicha viloyat sharafini himoya qiladi. Shu bois, Shahzodaning har bir harakatini murabbiylari va jamoadoshlari alohida e’tibor bilan kuzatmoqda. Qani, o‘n ikki yoshli qizaloq 50 metrga chalqancha usulda suzib borishni necha soniyada uddalarkin?..

Mamlakatimizdagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalari o‘rtasida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan uch bosqichli sport o‘yinlarining birlamchi bo‘g‘ini bo‘lgan “Umid nihollari” musobaqasi yosh avlodni jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalash, ularni yirik xalqaro musobaqalarga tayyorlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, “Umid nihollari – 2015”da viloyat sharafini himoya qilish uchun jami 250 ga yaqin yosh sportchidan iborat terma jamoa tarkibi shakllantirilgan. Ayni paytda ular zamonaviy bolalar va o‘smirlar sport maktablarida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazmoqda. O‘g‘il-qizlarning puxta tayyorgarlik ko‘rishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. 

– Viloyat jamoasi tarkibini tuzish, o‘quv-mashq yig‘inlarini o‘tkazish dasturini ishlab chiqish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilangan vazifalarga muvofiq amalga oshirildi, – deydi “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatining viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Doniyor Rixsiboyev. – Bilasiz, mazkur musobaqa olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan basketbol, suzish, badiiy gimnastika, boks, badminton kabi 16 sport turi bo‘yicha o‘tkaziladi. Mana shunday musobaqalar kelgusida o‘g‘il-qizlarimizning turli nufuzli turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun mustahkam poydevor bo‘lishi shubhasiz. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Umid nihollari – 2015” sport musobaqasining saralash bosqichi joriy yilning aprel oyida bo‘lib o‘tadi. Musobaqa oldi tadbirlarining samarali o‘tishi, ya’ni jamoalarning joylarga borib kelishi va ularning xavfsizligini ta’minlash hamda aniqlangan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish uchun tegishli soha vakillari mas’ul etib biriktirilgan.

...Olmaliq shahridagi 3-bolalar va o‘smirlar sport maktabining sun’iy suv havzasi ohista chayqaladi. Shahzoda bir-bir bosib, “tayyorlik chizig‘i”ga keladi va start berilishi bilan suvga sho‘ng‘iydi. 50 metrlik masofa kiprik qoqquncha bosib o‘tildi. Murabbiy Sirojiddin Vafoyevning qo‘lidagi sekundomerda “43” raqami muhrlandi. Natija yomon emas. Lekin bu Shahzodani qoniqtirmaydi. Modomiki, u Xorazmdan oltin medal bilan qaytishni maqsad qilgan ekan, xuddi shu shartni 30-35 soniyada bajarishi kerak.

Demak, asosiy mashg‘ulotlar hali oldinda!


Behzod Hidoyatov, O‘zA

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.