Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Suzish barcha bolalar uchun foydali

2014.12.17 | Suzish

Suzish inson salomatligi uchun juda foydali. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, suzish bola salomatligini mustahkamlashda, uning jismonan kuchli, ko‘rkam bo‘lib o‘sishida muhim ahamiyatga ega. Hozir qish fasli bo‘lishiga qaramay, suv sporti saroylari o‘g‘il-qizlar bilan gavjumligi ular o‘rtasida mazkur sport turiga qiziqish yuqori ekanidan dalolatdir.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda yosh avlodni sportga keng jalb etish, ularni har tomonlama sog‘lom va barkamol qilib voyaga yetkazish, iste’dodli o‘g‘il-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasida sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar safi yil sayin kengayib bormoqda.
Yosh iqtidor egalarini qo‘llab-quvvatlash, mahoratli sportchilar va malakali murabbiylar tayyorlash, mamlakat milliy terma jamoalari zaxirasini boyitishda bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktablari muhim o‘rin tutadi.
Poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 12-bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabi terma jamoalar uchun iqtidorli sportchilarni yetkazib berayotgan shunday sport maskanlaridan.
Suv sportiga ixtisoslashgan mazkur maktabda 500 ga yaqin tarbiyalanuvchi suzish bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Bu yerga bolalar yetti yoshdan qabul qilinadi va to‘rt bosqichli mashg‘ulotlar orqali suzish sirlarini o‘rganadi. Bugungi kunda 12 oliy ma’lumotli murabbiy o‘g‘il-qizlarga suzish bo‘yicha saboq berayotir.
– Maqsadimiz bolalar va qizlar o‘rtasida suzishni yanada ommalashtirish, ularni sog‘lom turmush tarziga keng jalb qilishdir, – deydi maktab direktori Alisher Karimov. – Hozir yosh sportchilarimiz Xorazm viloyatida bo‘ladigan “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Mazkur maktabdan xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir ko‘plab sportchilar yetishib chiqqan. Ayni paytda sport maktabi tarbiyalanuvchilari mamlakat hamda xalqaro miqyosdagi musobaqalarda munosib ishtirok etmoqda. Jumladan, 2014-yilning iyun oyida Germaniyaning Shtutgart shahrida suzish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda mazkur maktabdan olti nafar sportchi qatnashib, uchta oltin, oltita kumush, sakkizta bronza – jami o‘n yettita medalni qo‘lga kiritdi.
Namangan viloyati mezbonlik qilgan "Barkamol avlod – 2014" musobaqasida A.Kuchukova bitta oltin va ikki kumush medal bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, mamlakat chempionatlarida maktab tarbiyalanuvchilari muntazam ravishda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
– Men ustozlarimdan suzish sirlarini qunt bilan o‘rganmoqdaman, – deydi sport maktabi o‘quvchisi Valeriya Muratova. – 2014-yilda Germaniyada o‘tkazilgan xalqaro turnirda ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdim. Orzuim, kelajakda Olimpiada musobaqalarida ishtirok etib, Vatanimiz nufuzini yuksaltirishga hissa qo‘shish.
Ha, mazkur maktabda suzish sportini izchil rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘g‘il-qizlarni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, ularning turli musobaqalarda munosib ishtirok etishi va o‘z iqtidorini namoyon etishiga xizmat qilayotir.


Nurillo Nasriyev, O‘zA

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.