Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Chempion yoshlar maskani

2015.04.16 | Badiiy gimnastika

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilayotgan doimiy e’tibor o‘g‘il-qizlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport ommalashib borayotganida, yurtimizning barcha hududidagi olimpiya zaxiralari kollejlari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar faoliyatida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2002-yil 24-oktabrdagi “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tuzish to‘g‘risida” va 2004-yil 29-avgustdagi “O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari soha rivojida dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.

Ilgari shaharlarda ham sanoqli bo‘lgan sport inshootlarida murabbiylar yetishmovchiligi, anjomlar tanqisligi doimiy muammo edi. Qishloqlarda sharoit yo‘qligi bois qancha-qancha iste’dodlar kashf etilmay so‘nardi. 

Prezidentimizning sohaga qaratayotgan e’tibori tufayli farzandlarimiz eng zamonaviy sport majmualarida shug‘ullanmoqda. Bugun ota-onalarning o‘zlari farzandlarini sog‘lom insonlar etib voyaga yetkazish orzusida sport maktablariga yetaklab kelmoqda. 

Buni poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 43-bolalar va o‘smirlar sport maktabi faoliyatida ham ko‘rish mumkin. 

Mazkur sport maktabi 2008-yilda bolalar sport majmuasi sifatida faoliyatini boshlagan. 2013-yilda bolalar va o‘smirlar sport maktabi maqomini olgach, muassasadagi to‘garaklar faoliyati yanada takomillashdi, unga qatnovchilar safi kengaydi. 

– Tarbiyalanuvchilarimiz orasida iste’dodlilari juda ko‘p, – deydi sport maktabi direktori Asqar Abduraimov. – Majmuada kun davomida qat’iy jadval asosida mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Asosiysi, maktabimizda bolalarning sport bilan muntazam shug‘ullanib, o‘z salomatligini mustahkamlashi, iqtidor va mahoratini yuzaga chiqarishiga alohida e’tibor qaratiladi. 

Ushbu muassasada tarbiyalanuvchilar sport-sog‘lomlashtirish, boshlang‘ich tayyorgarlik hamda o‘quv-mashg‘ulot guruhlarida mahoratini oshirmoqda. Mashqlar o‘quvchilarning bo‘sh vaqtiga qarab, belgilangan o‘quv dasturi asosida olib borilayotir. Yopiq zal, ikkita tennis korti, mini-futbol va futbol maydonlari – bolalar ixtiyorida. 

Bu yerda to‘rt yuz nafardan ziyod o‘g‘il-qiz tajribali murabbiylar ko‘magida badiiy gimnastika, taekvondo (WTF), futbol, stol tennisi, yengil atletika, kamondan o‘q otish kabi sport turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Tarbiyalanuvchilarning bir yuz sakson nafari qizlardir.

Bolalar va o‘smirlar sport maktabidagi futbol to‘garagi a’zolarining mahoratli o‘yinlarini kattayu kichik sevib tomosha qiladi. 

Qizlar o‘rtasida sportning nafis turi – badiiy gimnastikaga qiziqish kuchli. Mazkur sport ular uchun nafaqat jismoniy chiniqish, balki sarvqomatlik, lobarlik va go‘zallik asosi bo‘lib ham xizmat qilmoqda. 

– Badiiy gimnastika to‘garagiga qizlar to‘rt yoshdan qabul qilinadi, – deydi murabbiya Nigora Fozilova. – Ayni vaqtda 130 nafar qiz bu sport turi bilan shug‘ullanmoqda. Yaratilgan imkoniyatlardan yoshlarimiz unumli foydalanib, turli musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallamoqda. 

– Joriy yilda Xorazm viloyatida o‘tkaziladigan “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarida badiiy gimnastika bo‘yicha Toshkent shahri jamoasida qatnashaman, – deydi 280-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Mohinur Baxtiyorova. – Murabbiylarim ko‘magida murakkab kompozitsiyalarni o‘zlashtirishga harakat qilyapman. Maqsadim – kelgusida qit’a va jahon chempionatlarida qatnashib, Vatanimizga oltin medallar bilan qaytish.

Darhaqiqat, maktab tarbiyalanuvchilari orasida xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilar ko‘p. Taekvondo (WTF) bo‘yicha Valentin Xegay, Go‘zal Norboboyeva, Bahodir Alovxonov, kamondan o‘q otish bo‘yicha Zafar Sattorov, Yunus Sarmambetov, Hilola Yunusova, badiiy gimnastika bo‘yicha Anjelika Xmelnitskaya, Alesya Bukreyeva, Margarita Urmich, Sevara To‘xtayeva, Yuliya Nushtayeva kabi yoshlar nufuzli turnirlarda sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda. 2014-yilda sportchilar mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda 170 dan ziyod medalni qo‘lga kiritgani buning dalilidir.


Nurillo Nasriyev, O‘zA

 

 

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.