Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Badmintonchilar safi kengaymoqda

2015.03.11 | Badminton

Mamlakatimizda sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etishga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida Olimpiya dasturiga kiritilgan badminton ham jadal ommalashmoqda.
Yurtimizda yigirma besh ming nafardan ziyod yigit-qiz badminton bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Toshkent shahri, Andijon, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari yoshlari o‘rtasida mazkur sport turiga qiziqish kuchayib bormoqda. Buning natijasida Amrullo Baxshulloyev, Alisher Xolmirzayev, Artyom Savatyugin, Temur Karimov, Anaid Xurshidyan, Valeriya Mushtakova, Dilrabo Ahmedova kabi yosh mahorat egalari yetishib, xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib kelmoqda.
Badminton o‘g‘il-qizlarning sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishida muhim ahamiyatga ega. Tibbiyot mutaxassislarining ta’kidlashicha, mazkur sport turi odam organizmida qon aylanishi, yurak faoliyati, asab tizimi faoliyatini yaxshilaydi, oyoq-qo‘l, bo‘yin va bel mushaklarini mustahkamlaydi. Ayniqsa, ko‘zni ravshanlashtirib, ko‘rish qobiliyatini kuchaytiradi.
Badmintonda raqibni xurmat qilish, o‘z kuchiga ishonish eng muhim talablardan biridir.
Ushbu sport turi uch bosqichli uzluksiz tizim – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlari dasturiga kiritilgan.
O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Badminton federatsiyasi tomonidan mazkur sport turini aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xorazmda barcha sharoitga ega bo‘lgan sport majmuasi qurib, foydalanishga topshirilgani buning dalilidir. Ushbu majmuada «Umid nihollari – 2015» sport o‘yinlarining badminton musobaqalari o‘tkaziladi.
Toshkent shahrida badminton majmuasi qurilishi yakunlanish arafasida. Ushbu majmuada xalqaro talablarga javob beradigan sakkizta kort, suv havzasi, kiyim almashtirish xonalari bo‘ladi. Majmua yonida sakson o‘rinli zamonaviy yotoqxona ham qad rostlamoqda.
– Joriy yil badmintonchilarimiz uchun juda mas’uliyatlidir, – deydi O‘zbekiston badminton federatsiyasi raisi o‘rinbosari Avaz Karimov. – Sportchilarimiz 2016-yili Braziliyada bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga reyting ochko beruvchi musobaqalarda ishtirok etadi. Ruminiya va Polshada o‘tadigan xalqaro turnirda, Malayziyada tashkil etiladigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashadi.
Sportchilarimizning ushbu nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etishida davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Qaror ijrosi yuzasidan zamonaviy me’yor va standartlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, sportchilarning tajriba va mahoratini oshirish, xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda.
– To‘qqiz yildan beri badminton bilan shug‘ullanaman, – deydi xalqaro musobaqalar sovrindori Anaid Xurshidyan. – Bizga yaratib berilgan sharoitlardan unumli foydalanib, jahon va Osiyo chempionatlarida munosib ishtirok etishga xarakat qilamiz. Maqsadim – joriy mavsumda Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishdir.


Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.