Hech bir narsa sportchalik mamlakatni dunyoga tez mashhur qila olmaydi. Islom Karimov


Iqtidorli sportchilar maskani

2014.12.29 | Badminton

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodni sportga keng jalb etish, ularni har tomonlama sog‘lom va barkamol qilib voyaga yetkazishga qaratilayotgan yuksak e’tibor samarasida sport bilan shug‘ullanuvchi o‘g‘il-qizlar safi kengayib bormoqda.
Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi 38-bolalar va o‘smirlar sport maktabi ham yosh iqtidor egalarini qo‘llab-quvvatlash, mahoratli sportchilar va murabbiylar tayyorlashga o‘z hissasini qo‘shayotgan maskanlardan.
Mazkur sport maktabi 2006-yildan bolalar sport majmuasi sifatida faoliyatini boshlagan. 2014-yil aprel oyidan boshlab bolalar va o‘smirlar sport maktabi maqomini olgach, muassasadagi to‘garaklar faoliyati yanada takomillashdi, unga qatnovchilar safi kengaydi.
Sport maktabidagi futbol, badminton, boks, badiiy gimnastika, taekvondo (WTF), kurash, kikboksing va universal jang kabi seksiyalarda 500 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz muntazam shug‘ullanmoqda.
Bolalar mashg‘ulotlarda 70 turdan ziyod sport jihozlari va inventarlaridan foydalanadi. Bugungi kunda 13 nafar oliy ma’lumotli murabbiy o‘g‘il-qizlarga sport sir-asrorini o‘rgatib, tarbiyalanuvchilarning tajriba va mahoratini oshirayotir.
– Maktabimiz zamonaviy sport anjomlari bilan to‘liq jihozlangan, – deydi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Alisher Omonov. – Tarbiyalanuvchilarimiz o‘quv maskanimizdan tashqari, poytaxtimizning Uchtepa, Chilonzor va Sirg‘ali tumanlaridagi umumta’lim maktablarida futbol, boks va badminton bo‘yicha sport seksiyalarida mashg‘ulot o‘tkazishadi.
Musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallab kelayotgan Azizbek Isroilov 10 yoshidan boshlab sportning kikboksing va universal jang turlari bo‘yicha tajribali murabbiy Baxtiyor A’zamov qo‘li ostida mahorat oshirmoqda. Aziz 2012-2014-yillarda kikboksing bo‘yicha uch karra mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan.
– Yirik musobaqalarda qatnashishni bolalikdan orzu qilardim, – deydi u. – Maktabimizda sport bilan shug‘ullanishimiz uchun yaratilgan keng imkoniyatlardan foydalanib, niyatimga erishmoqdaman. Yutuqlarim kelgusida yanada yuksak marralarni zabt etishimda kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.
Sport maktabida Azizbek singari yoshlar ko‘p. Kikboksing, badminton, universal jang bo‘yicha Behzod To‘laganov, Sardor Nig‘matov, Viktoriya Chumak kabi ko‘p karra mamlakat chempionlari yetishib chiqmoqda.
– Kelasi yili Xorazm viloyatida o‘tkaziladigan “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalarida badminton bo‘yicha Toshkent shahri sharafini himoya qilaman, – deydi O‘zbekiston chempioni Viktoriya Chumak. – Ushbu musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘ryapman. Maqsadim – kelgusida jahon va qit’a chempionatlarida qatnashib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish.


Nurillo Nasriyev, O‘zA

O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi

Materiallardan to'liq yoki qisman foydalanilganda, umidnihollari.uz manbasi ko`rsatilishi shart.

Sayt sinov tariqasida ishga tushirildi.

Sayt yaratuvchisi MUDRM.